OʼzNNTMА: samarali hamkorlik sari ilk qadam tashlandi

2021-yilning 18-iyun kuni «ECOSАN» ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan navbatdagi Muassislar konferensiyasi oʼtkazildi. Konferensiyada vazirliklar, qoʼmitalar, bank va jamoat tashkilotlar mutassaddi vakillari ishtirok etishdi. Muassislar konferensiyasi fondning 2014–2021-yillardagi amalga oshirgan faoliyati boʼyicha Vasiylik kengashi, Boshqaruv va Taftish komissiyasining moliyaviy-xoʼjalik faoliyati hisobotlari tinglandi va tasdiqlandi.

Konferensiyada Oʼzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev ham ishtirok etdi.

Yigʼilish davomida aholining ekologik savodxonligi va madaniyatini oshirish, sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, bu borada adabiyotlar, plakatlar chop etish va xayriya sifatida tarqatish, aholining ijtimoiy-gigiyenik va ekologik sharoitini, ichimlik suvi bilan taʼminlash holatini yaxshilash boʼyicha loyihalar, xalqaro hamkorlik kabi qator masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Mazkur masalalar yuzasidan OʼzNNTMА Kengashi raisi K.Ishanxodjayev ham oʼz fikr-mulohaza va takliflarini bildirib oʼtdi. Shu oʼrinda, «EKOSАN» va OʼzNNTMА oʼrtasida oʼzaro samarali hamkorlikni yoʼlga qoʼyish taklifi ham oʼrtaga tashlandi. Mazkur taklif ikki taraf tomonidan toʼla qoʼllab-quvvatlandi.

Muassislar konferensiyasida Boshqaruv va Vasiylik kengashi takliflarini inobatga olgan holda, fond Ustaviga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish hamda Vasiylik kengashi va Boshqaruvning yangi tarkibi, raisini saylash masalalari koʼrib chiqildi. Shu oʼrinda OʼzNNTMА Kengashi raisi K.Ishanxodjayev Vasiylik kengashi aʼzosi etib saylandi.