Bugun O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida NNT tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda asosiy e’tibor fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, NNTlarga yuklangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda uchinchi sektor malakasini oshirish masalalariga qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” asosida Akademiyada NNT rahbarlari uchun maxsus o‘quvlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Shu kunga qadar 600 dan ortiq rahbarlarning bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Joriy yilda ham uch bosqichli o‘quv jarayonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Maxsus o‘quv dasturi doirasidagi mashg‘ulotlarda NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat idoralari bilan ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, moliyaviy barqarorlikka erishish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda rahbar xodimlarning shaxsiy kompetensiyalarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.