O‘tgan yil yakunida ​Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi nafaqat davlat boshqaruvida, balki mamlakatimizning har bir fuqarosi, ayniqsa, biz – fuqarolik jamiyati instituti vakillari uchun kelajak sari tashlangan dadil qadam bo‘ldi. 

Bugun mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida “Mahalla va inson qadri – islohotlarning bosh mezoni” deya e’tirof etilayotgani bejiz emas. Zero, inson qadri davlat idoralarining binolarida emas, balki u yashab turgan xonadonda, uning kundalik hayoti va orzu-intilishlarida namoyon bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilinishi fuqarolik jamiyati vakillari, ayniqsa, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar davrini boshlab berdi. Bu tashabbus shunchaki yil nomi emas, balki davlat boshqaruvini tubdan xalqchillashtirishga qaratilgan strategik burilishdir. 

Ilgari bizning faoliyatimizda “Davlat – jamiyat – inson” tamoyili ustuvor edi. Biroq bugungi yangilanishlar davri bizdan tizimni tubdan yangilashni, eng xalqchil bo‘lgan инсон –  jamiyat, ta’bir joiz bo‘lsa, mahalla va keyin davlat tamoyiliga aylantirishni talab etmoqda. Bunda insonning dardi va mahallaning muammosi davlat organlari uchun eng asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishi bo‘lishi kerakligini anglatadi. Sababi, birinchidan, mahalla endi shunchaki ma’muriy birlik emas, balki ijtimoiy islohotlarning ko‘zi va vijdoniga aylandi. Ikkinchidan, NNTlarning faoliyati endi markaziy shaharlardan chekka qishloqlarga ko‘chishi lozim. Uchinchidan, mahalladagi muammoni yuqori turuvchi idoralarga yetkazish va uni hal etishda jamoatchilik nazoratining eng ta’sirchan mexanizmini yaratishimiz shart.

Murojaatnomaning eng muhim jihatlaridan yana biri shu bo‘ldiki, davlatimiz rahbari fuqarolik jamiyati institutlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu imkoniyatlar nafaqat soha vakillari, balki butun xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi ulkan kuchdir. 

Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan besh yillik milliy strategiyasi qabul qilinishi erkin va faol jamiyat barpo etish yo‘lidagi islohotlarimizning eng mustahkam kafolati bo‘lib xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, sohani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan grantlar va ijtimoiy buyurtmalar hajmi ikki barobarga oshirildi. Bu davlatning bizga bo‘lgan ishonchi emasmi? Endi biz “qaysi mablag‘ga ishlaymiz?” deb emas, “qaysi loyiha xalqqa ko‘proq naf keltiradi?” deb fikrlashimiz kerak.

Murojaatnomadan kelib chiqib, aytishimiz mumkinki, keng jamoatchilik, xususan, fuqarolik jamiyati instituti vakillari oldida o‘ta muhim yo‘nalishlar turibdi. Jumladan, aholining ko‘makka muhtoj qatlami bilan ishlashda yangicha yondashuv zarur. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, imkoniyati cheklangan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilishda NNTlarning rolini hech kim bosa olmaydi. Biz davlatning ijtimoiy yukni ko‘tarishdagi eng yaqin yelkadoshi bo‘lishimiz kerak.

Qolaversa, mahallalardagi yoshlarni zamonaviy kasblarga, IT texnologiyalariga va chet tillariga o‘qitishda nodavlat sektorning mobilligidan foydalanishimiz shart. Bizning loyihalarimiz yoshlarni “ish izlovchi” emas, “ish beruvchi” darajasiga ko‘tarishi lozim.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishi global muammoga aylangan bir davrda Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyat, suv tejamkorligi va hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda NNTlar tashabbusni o‘z qo‘liga olishi zarur. Biz “Yashil makon” loyihasini shunchaki ko‘chat ekish emas, balki uni parvarishlash va ekologik madaniyatni yuksaltirish harakatiga aylantirishimiz kerak.

Oldimizda turgan yana bir eng katta vazifa korrupsiyaga qarshi kurash va jamoatchilik nazorati hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jamoatchilik nazorati bo‘lmagan joyda, albatta, egri yo‘lga kiruvchilar topiladi. Biz sohalar rivojlanishi, bunyodkorlik davridagi qurilishlar sifati, qo‘yingki, korrupsion holatlar eng ko‘p uchrayotgan yo‘nalishlar ustidan keskin va xolis nazoratni o‘rnatishimiz shart.

Murojaatnomada belgilangan yuksak maqsadlarga erishishda nodavlat notijorat tashkilotlar davlatning eng faol va ishonchli hamkori sifatida maydonga chiqishi lozim. Ayniqsa, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va unga a’zo tashkilotlar bu jarayonda har doimgidan-da faol bo‘lishi kerak. 

​Belgilangan vazifalar shunchaki reja emas, bu –  farzandlarimiz kelajagi, ona Vatanimizning ravnaqi uchun belgilangan katta yo‘l. 2026 yilda biz mahallani nafaqat obod, balki ma’rifatli va faol fuqarolik jamiyati maskaniga aylantirishimiz kerak.

Prezidentimiz bizga ishonch bildirdi, imkoniyatlarni kengaytirdi, moliyaviy resurslar ajratdi. Bugun bizdan talab etilayotgani shunchaki ishlash emas, balki yangicha dunyoqarash va yuksak mas’uliyat bilan harakat qilishdir. Buning uchun halolligimiz va tashabbuskorligimiz bilan xalqimizning duosini olishimiz, O‘zbekistonning demokratik qiyofasini jahonga namoyon etishimiz lozim.

Kamoliddin ESHONXO‘JAEV,

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari 

milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi.
O'zA