Shu yilning 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida “Kelajakka investitsiyalar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, xalqaro munosabatlar va hamkorlik tizimida yangi o‘zgarishlar sari qo‘yilgan ilk qadamlar sifatida tariflanmoqda.

Markaziy Osiyo Respublikalarining Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari ushbu anjumanda mustahkamlagan holda yangi zamonaviy mintaqalararo miqyosga ko‘tarildi.

Samarqand sammiti Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi va jahon siyosatida o‘z o‘rnini topishi hamda bor salohiyatini namoyon etishi yo‘lidagi buyuk siyosiy qadam bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik va sherikchilikni tenglik asosida yangi bosqichda boshlanishi sifatida e’tirof etish mumkin.

Bugungi  kunda 27 ta a’zo davlatni birlashtirgan Yevropa Ittifoqi yirik mintaqaviy tuzilma bo‘lib, 46 tilda so‘zlashuvchi turli millat vakillari bo‘lmish 450 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan yirik xududni tashkil etadi. “Katta yettilik”ning a’zo  davlatlarining salmoqli qismini ushbu xududdagi davlatlar tashkil etadi. Jahon  iqtisodiyotining katta ulushi ham ushbu hududga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida Markaziy Osiyodagi davlatlar uchun ushbu anjumanning siyosiy ahamiyati juda katta. Sababi, xalqaro  maydonda yirik iqtisodiy va moliyaviy institut xisoblangan Yevropa Ittifoqi tayyor maxsulotlarni eksport qilish borasida rivojlanib borayotgan O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini yevropa mamlakatlari bozorlariga kirib borish hamda yangi hamkorlar topish, tashqi savdoni rivojlantirishini yangi bosqichga olib chiqadi.

Samarqan sammiti Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanib borayotganini namoyon qilib, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasida strategik hamkorlik va sherikchilikni yangi formatga olib chiqilishiga xizmat kildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi rivojlanishning barqarorligi, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi qat’iy yangi qadamlar, mintaqaviy muammolarni hal etish yo‘lidagi yangi tashabbuslar, davlatlarning ochiqlik siyosati yevropalik hamkorlarni mintaqaga nisbatan ijobiy qarishlarini oshirdi.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqida ishonchni yanada kuchaytirdi. 

Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoevning davlat rahbari sifatida amalga oshirayotgan islohatlari natijasida mintaqa ichidagi hamkorlikning o‘zaro ishonch va hamkorlik ruhida mustahkamlanishi Markaziy Osiyo xalqlari taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etdi va Yevropa Ittifoq tomonidan e’tirof etildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan birinchi sammit doirasida imzolangan qo‘shma deklaratsiyalar mintaqa rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishi bilan birga investitsiyalarni ko‘payishiga, eng muhimi, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo aloqalarining nafaqat hukumatlararo darajasida, balki jamiyatning nodavlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati institutlariga ham ijobiy ta’sirini o‘tkazadi.

I.Karimov, 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i.