Andijon shahri "Yangi turmush" mahalla fuqarolar yigʻini hududida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) viloyat hududiy boʻlinmasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi viloyat boʻlinmalari hamkorligida navbatdagi plogging aksiyasi oʻtkazildi.
Tadbir “Ekologik toza hudud” shiori ostida tashkil etilib, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish, toza va sogʻlom hayot tarzini targʻib qilish maqsadlarini oʻz ichiga oldi.
Aksiya davomida NNTlar, mahalliy aholi, yoshlar va ekologiya sohasi vakillari ishtirok etib, mahalla hududida tozalash ishlarini olib bordilar. Chiqindilar yigʻilib, hudud yanada obod va ozoda holga keltirildi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu tashabbus ekologik muammolarga e’tiborni kuchaytirishga, shuningdek, fuqarolarning ekologik ongini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ekologik tashabbuslarni davom ettirish, mahallalarda doimiy ravishda tozalash va targʻibot ishlarini olib borish borasida kelishib oldilar.
Ishonamizki, bu kabi tadbirlar nafaqat hududlarimizni toza saqlashga, balki keng jamoatchilikning ekologik masalalarga boʻlgan e’tiborini oshirishga, yosh avlodni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.