2025-yil 4-dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida mamlakatimizda ilk bor “Nodavlat notijorat tashkilotlari forumi” o‘tkazildi. Tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi — nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, NNTlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirish, aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat.

Forumda vazirlik va idoralar rahbarlari, 100 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro ekspertlar, shuningdek Xitoy va Qozog‘iston fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholi bilan ishlashdagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va davlat–jamiyat muloqotini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda NNTlar faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va moliyaviy asoslar alohida qayd etildi. Prezident farmonlari bilan davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtmalarning shaffofligini ta’minlovchi yagona elektron platforma joriy etildi. Shuningdek, grant loyihalarida ishtirok etuvchi NNTlar uchun soliq imtiyozlari belgilab berilib, xodimlar daromad solig‘i va ijtimoiy solig‘i 2027 yilgacha 50 foizga qisqartirildi. Kam bag‘al oilalarga ko‘rsatiladigan xayriya yordamlariga oid soliqlardan ozod etiladigan miqdor ham sezilarli darajada oshirildi.

Shu bilan bir qatorda, davlat ro‘yxatidan o‘tishda nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, hotin-qizlar va bolalar jamoat birlashmalari uchun boj to‘lovlari kamaytirildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda Axborot resurs markazlari, “NNTlar uylari” tashkil etildi va ulardan NNTlar bepul foydalanish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Joylarda fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiyalar ajratish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotlarni tizimli o‘tkazish va NNTlar tomonidan taklif qilingan ijtimoiy muammolarni hal etish loyihalarini davlat buyurtmasi sifatida moliyalashtirish amaliyoti kengaymoqda.

Taqidlandiki, qonunchilik darajasida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. 2024 yilda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan Oliy Majlis huzurida “Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi” hamda uni boshqaruvchi parlament komissiyasi tuzildi. Qolaversa, davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida yagona elektron platforma to‘liq ishga tushirildi.

Shuningdek, NNTlarning qonun ijodkorligida ishtirokini ta’minlovchi doimiy parlament vakili instituti joriy etildi va bu amaliyot NNTlarning qonun loyihalari muhokamasidagi ishtiroki va ta’sirini sezilarli kuchaytirdi.

Forum dasturi doirasida ikkita yirik sessiya o‘tkazilib, NNTlarning innovatsiya, barqarorlik va hamkorlikka asoslangan faoliyati, yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish, jamoat ehtiyojlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish, ayollar tadbirkorligi va hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi mavzular keng muhokama etildi. Maruzachilar tomonidan NNTlarning davlat boshqaruvi bilan muloqotini kuchaytirish, aholi ehtiyojlariga tezkor va manzilli javob berishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, NNTlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy va moliyaviy mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda mahalliy tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar qabul qilindi.