Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati erkinligini mustahkamlash va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi va NNTlar uchun qulay huquqiy muhit yaratilishi yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Ayniqsa, ushbu qonun doirasida jarimalar miqdorining keskin kamaytirilishi NNTlarning faoliyatiga nisbatan noqonuniy bosimlarning oldini olishda katta ahamiyat kasb etadi. Bu esa ularning erkin va samarali ishlashini ta’minlab, o‘z vazifalarini adolatli va ochiq tarzda bajarishga keng imkoniyat yaratadi. Shu orqali jamoatchilik nazoratining samaradorligi oshiriladi, jamiyatda fuqarolik faolligi kuchayadi va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mustahkamlanadi.
Shu bilan birga, yangi qonunda belgilangan yana bir muhim mexanizm — NNTlarning tegishli sohalardagi muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbusli loyihalarini amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish maqsadida taklif kiritish huquqidir. Bu huquq NNTlarga o‘z ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarini amalga oshirishda davlat bilan hamkorlik qilish, jamoat ehtiyojlarini aniqlash va ularni qondirishda samarali mexanizmlar yaratish imkoniyatini beradi. Davlat ijtimoiy buyurtmasini olish jarayonining ochiq va shaffofligi esa NNTlarga nisbatan ishonchni oshiradi, ularning jamiyatdagi rolini mustahkamlaydi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda barqarorlikni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, qonun doirasida davlat organlarining sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan har yili kamida bir marta ochiq muloqotlar o‘tkazishi belgilangani ham alohida ahamiyatga ega. Bunday muloqotlar davlat siyosati va jamoat ehtiyojlari uyg‘unligini ta’minlaydi, aholi fikrini tinglash va ularni hisobga olishda samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Shu orqali fuqarolik jamiyati institutlari o‘z taklif va tashvishlarini bevosita davlat organlariga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa davlat boshqaruvining shaffofligini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, yangi qonun NNTlar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlaydi, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada kuchaytiradi. Jarimalarning kamaytirilishi, davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun taklif kiritish imkoniyati va davlat organlari bilan ochiq muloqotlar jamiyatda demokratik boshqaruvni rivojlantirish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyatiga zamin yaratadi.
Irismetov Alisher,
O‘zNNTMA Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari