Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlar jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni beqiyos. Xususan, Andijon viloyatida ham ushbu soha vakillari ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida aholi muammolarini hal etish va fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqdalar. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasining 2025-yildagi faoliyati buning yaqqol isbotidir.

2025-yil davomida viloyatda NNTlar soni sezilarli darajada oshdi. Yil boshida adliya boshqarmasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar soni 605 tani tashkil etgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 612 taga yetdi. E’tiborli jihati, ushbu tashkilotlarning 60 tasi bevosita fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan.

O‘zNNTMA hududiy bo‘linmasi yil davomida o‘z a’zolari safini kengaytirib, ularning umumiy sonini 160 taga yetkazdi. Tashkilot nafaqat son, balki sifat jihatidan ham rivojlanib bormoqda. Hisobot davrida NNTlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 58 ta tadbir tashkil etilib, ularda 1585 nafar ishtirokchi qatnashdi. 33 ta NNT murojaatiga huquqiy maslahat va 38 ta tashkilotga loyihalarni shakllantirishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, 2025-yilda andijonlik NNT vakillari grant tanlovlarida ham faol ishtirok etdilar. Natijada, viloyatdagi tashkilotlar jami 20 ta tanlovda g‘olib deb topildi. Jumladan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi grantlarida 8 ta, Xalqaro grantlarda 8 ta, viloyat jamoat fondi grantlarida 3 ta va davlat ijtimoiy buyurtmasida 1 ta loyiha g’olib bo’ldi.

Bundan tashqari, NNT rahbarlarining salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 12 nafar NNT rahbari Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida malaka oshirdi. Ular Assotsiatsiya qoshidagi “Trenerlar shtabi”ga a’zo bo‘lib, endilikda o‘z bilimlarini boshqa hamkasblariga ham o‘rgatib kelmoqdalar.

Qolaversa, viloyatda NNTlar uchun yaratilgan sharoitlar ham maqtagulik. Jumladan, Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da bugungi kunda 21 ta tashkilot bepul joylashtirilgan bo‘lib, ularning samarali ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Bir so’z bilan aytish mumkinki, 2025-yil Andijon viloyati NNTlari uchun yangi marralarni zabt etish va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada mustahkamlash yili bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yanada jadalroq amalga oshishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi.