Farg‘ona vodiysi har jihatdan qulay geografik hududda joylashgan. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaradoshligi esa bu yerda yashovchi xalqlarga umumiy tarix, qardoshlik va madaniy rishtalarni hamisha eslatib turadi. 

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan yangi ochiqlik va hamdo‘stlik siyosatining amaliy natijasi sifatida Farg‘ona vodiysi tobora hamkorlik ramziga aylanib bormoqda. Bu jarayonda davlatlar o‘rtasidagi muloqot bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari – nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtiroki katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shu ma’noda hududlararo xavfsizlik, chegaraoldi aholilar hamjihatligi, suv resurslaridan samarali foydalanish, iqtisodiy hamkorlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalarida munosabatlar izga tushdi. 

Shu o‘rinda Farg‘ona shahrida o‘tgan birinchi “Farg‘ona tinchlik forumi” mintaqaviy hamjihatlik yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Forumga 500 dan ortiq mehmon, xususan, Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi. Tadbirning asosiy g‘oyasi Farg‘ona vodiysini ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish  bo‘ldi.

Forumda davlat organlari bilan birga yoshlar, ayollar, mahalla faollari va fuqarolik jamiyati vakillari ham ishtirok etdi. Tadbir haqiqiy “xalq diplomatiyasi” maydoniga aylandi. 

Forum yakunida qabul qilingan kommyunikeda “Farg‘ona vodiysi — Markaziy Osiyo barqarorligi va konsolidatsiyasining ko‘zgusi” ekani ta’kidlandi. Ushbu hujjatda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar strategik, keng qamrovli va ko‘p qirrali ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakatlarni sheriklik va ittifoqchilik rishtalari bog‘lab turadi. Bu davlatlar va hukumatlar, shuningdek, parlamentlar, mintaqalar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida uzluksiz va ko‘p darajali muloqotni davom ettirishni talab qiladi.

Uchrashuvni Farg‘ona, So‘g‘d va Botken chegaraoldi viloyatlari rahbarlari  qo‘l berib, yana bir bor mustahkamladi. Mintaqada barqarorlikni saqlash va izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida sa’y-harakatlar birlashmoqda. 

Keyingi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar Farg‘ona vodiysida ham samara bermoqda. Jumladan, hududda NNTlar uchun qulay muhit yaratildi. Xalqaro grant loyihalarini jalb etish imkoniyatlari kengaydi. Ochiq muloqot madaniyati kuchaydi.

Bu jarayonda xalqaro tashkilotlar – Saferworld, GIZ, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi va YUNESKO faol hamkorlik qilmoqda. Ular qo‘llab-quvvatlayotgan loyihalar mahalliy jamoalarning salohiyatini oshirish, ayniqsa, ayollar va yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

Tegishli dasturlar chegaraoldi hududlarda ishonch muhitini mustahkamlamoqda. Yuzaga keladigan har qanday masalani tinch yo‘l bilan hal etish madaniyatini shakllantirmoqda. Masalan, BMT Taraqqiyot dasturi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mediatsiya treninglari natijasida Farg‘ona, Andijon va Namangan mahallalaridagi faollar vositachilik sertifikatiga ega bo‘lishdi. 

Yana bir jihat, Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyoning iqtisodiy integratsiya va turizm markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Misol uchun Axsikent, Quva, Mingtepa kabi tarixiy yodgorliklar YUNESKOning “Farg‘ona–Sirdaryo koridori” ro‘yxatiga kiritilgan. Bu esa mintaqaviy turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Mahalliy jamoalar ishtirokidagi turizm konsepsiyasi tinchlikni mustahkamlashning samarali vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, Farg‘onadagi turoperator o‘z sayohat marshrutiga O‘shdagi hunarmand ustaxonasini kiritsa, bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki ikki xalqni bog‘lovchi madaniy ko‘prikka aylanadi.

GIZ qo‘llab-quvvatlayotgan “Farg‘ona vodiysi jamoaviy turizm tarmog‘i” tashabbusi mahalliy hunarmandlar va oilaviy mehmon uylari aholining daromad manbaini kengaytirib, milliy madaniyatni asrab qolishga xizmat qiladi.

Bu borada “Farg‘ona vodiysining Oltin halqasi”, “Navro‘z - Markaziy Osiyo qalbida” kabi loyihalar ham davlatlar darajasida transchegaraviy turizm tashabbuslarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Inson kapitalini rivojlantirish va yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash barqaror taraqqiyotning kafolatidir. YUNESKOning “Yoshlar ijtimoiy birdamlik yo‘lida” loyihasi doirasida esa maktab o‘quvchilari uchun global fuqarolik, mediasavodxonlik va tinchlik madaniyati bo‘yicha dasturlar joriy etildi.

Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlagan “Farg‘ona vodiysida do‘stlik ko‘priklari” forumi esa uch davlat yosh yetakchilarini bir maydonga to‘plab, qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga zamin yaratdi. Buning amaliy namunasi sifatida o‘zbekistonlik “Hamroh” NNTSi va O‘sh davlat universiteti qoshidagi mediatsiya markazi hamkorlikda etnik va gender muloqotni rivojlantiruvchi grant loyihani amalga oshirdi.

Bunday tashabbuslar yoshlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlab, yillar davomida shakllanib qolgan salbiy stereotiplarni yo‘qotishga yordam beradi hamda tinchlik va totuvlik madaniyatini qaror toptiradi.

Xulosa qilib aytganda, fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlar mintaqaviy barqarorlik va ishonch muhitini yaratishda asosiy kuchga aylanmoqda. Ular nafaqat ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqda, balki chegaraoldi hududlarda muloqot, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlamoqda. 

Sayyora ASRANOVA,

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari

milliy assotsiatsiyasi Matbuot kotibi.