Bugun “Fuqarolik jamiyatini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida konsepsiya loyihasini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim takliflar bildirildi. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati huzurida jamoatchilik kengashlarini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi mexanizmlarni yaratish, konsepsiya ijrosini muntazam kuzatib borish uchun samarali monitoring tizimini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar tizimini rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarning fuqarolik jamiyatidagi faolligini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni kuchaytirish masalalari keng muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Barqaror rivojlanish markazi, “Madad” NNT, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, “Ekolog” jamoat birlashmasi va boshqa tashkilotlar tomonidan ham qo‘shimcha taklif va mulohazalar ilgari surildi. Tadbir yakunida konsepsiya loyihasini yanada sifatli ishlab chiqish, mavjud tashabbuslarni uyg‘unlashtirish va fuqarolik jamiyatining rivojiga xizmat qiladigan ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilashga doir umumiy xulosalar shakllantirildi.