Davlatimiz tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar biz, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini doimo ruhlantirib kelmoqda. Joriy yilning 21-avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1083-sonli Qonuni ham ana shunday muhim qadamlarning biri sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Mazkur Qonun bilan joriy etilgan ko‘plab yangiliklar qatorida ayniqsa bir jihat — nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yangi ufqlarni ochib berishi bilan alohida ahamiyatga egadir. Xususan, Qonunning 4-moddasiga muvofiq, endilikda NNTlar tegishli sohalardagi muammolar yechimiga qaratilgan tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi to‘g‘risida davlat organiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif kiritishi mumkin. Eng muhimi, tashabbusli loyiha jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdordagi davlat ijtimoiy buyurtmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida ajratilishi kafolatlandi.

Bu o‘zgarishlar biz, joylarda yoshlar bilan bevosita ishlaydigan “Hamroh” kabi nodavlat notijorat tashkilotlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki ilgari loyihalarni amalga oshirish uchun asosan markazlashgan tanlovlarda ishtirok etish yoki turli grant dasturlarini kutishga to‘g‘ri kelar edi. Endi esa biz o‘z hududimizdagi yoshlar oldida turgan dolzarb muammolarni o‘rganib, ularning yechimiga qaratilgan manzilli va innovatsion takliflar bilan davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qila olamiz.

Misol uchun, Andijon viloyatida uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, IT sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mediasavodxonlikni keng targ‘ib qilish kabi yo‘nalishlarda aniq tashabbuslar bilan chiqishimiz va ularni davlatning ijtimoiy sherigi sifatida amalga oshirishimiz mumkin. Bu esa ortiqcha byurokratiyani kamaytiradi, loyihalarning hayotga tezkor tatbiq etilishini ta’minlaydi hamda mahalliy muammolarga samarali yechim topishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Biz, “Hamroh” NNT jamoasi, bu yangiliklardan ilhomlanib, Andijon yoshlarining kelajagi yo‘lida yangi va foydali tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanligimizni mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

Gulnoraxon Yuldasheva,
“Hamroh” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari.