Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha “Halollik oroli” metodologiyasini joriy etishning ikkinchi bosqichiga start berildi.
Ushbu loyihani kengaytirishdan asosiy maqsad — hududlarda korrupsiyadan xoli muhitni yaratish, davlat xizmatchilarining daxldorlik hissini oshirish va aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdan iborat.
Tadbirning mantiqiy davomi sifatida Nukus shahridagi "NNTlar uyi"da Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli” mavzusidagi grant g‘oliblari o‘z loyihalarini namoyish etishdi.
Taqdimot davomida mahalliy byudjetning sarflanishi va davlat dasturlarining ijrosi ustidan NNTlar ishtirokida samarali nazorat o‘rnatish, aholi o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan "murosasiz munosabat" madaniyatini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari, inson omilini kamaytirish orqali korrupsion xavf-xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslar haqida to'xtalib o'tildi.
Ushbu uchrashuv nafaqat erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib, "Halollik oroli" metodologiyasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylandi.