Namangan viloyat Adliya boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi O‘zNNTMA Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi bilan ijtimoiy sheriklik asosida Namangan shahrida aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishning ahvoli, avtobus bekatlarida nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Eshituvdan avval O‘zNNTMA Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi Farg‘ona viloyati “Mehrjon” ayollar va bolalar markazi hamkorligida, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sheriklik (International Partnerships for Human Rights – IPHR) moliyaviy ko‘magida “Transport xizmatini tashkil etishda nogironlarga to‘siqsiz muhit yaratish” loyihasi doirasida shaharda aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishning ahvoli, avtobus bekatlarida nogiron va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan monitoring ishlari amalga oshirilgan edi.

O‘rganishlar jarayonida aksariyat bekatlarda nogironlar harakatlanishi uchun panduslar yo‘qligi, kutish o‘rindiqlari kamligi, avtobuslar harakatini ko‘rsatuvchi tablolar mavjud emasligi, sanitariya talablariga rioya qilinmayotgani aniqlandi.

Jamoatchilik eshituvida o‘tkazilgan monitoring yuzasidan O‘zNNTMA hududiy bo‘linmasi boshlig‘i I. Karimov axborot berdi.

Shuningdek, Namangan shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B. Ruziyev, viloyat Transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N. Abdurasulovlar jamoat transporti xizmatini ko‘rsatishda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan axborot berdi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan Namangan shahrida bekatlarda to‘siqsiz muhit yaratish va transport xizmati ko‘rsatishda nogironligi bor shaxslarga yaratilgan sharoitlarni yaxshilash borasida aniq takliflar ishlab chiqildi hamda takliflarni ijobiy hal etish yuzasidan Namangan shahar hokimligi, viloyat Transport boshqarmasi va Namangan viloyat IIB YHXBga ijro uchun yuborildi.