2025-yil 21-avgustda NNTlarning faoliyati erkinligini mustahkamlash va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirishdagi muhim qadam bo‘ldi. Qonunga ko‘ra kiritilgan normalari, nafaqat NNTlar erkinligi va huquqlarini himoya qiladi, balki davlat organlarining ular oldidagi mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga kiritilgan normalar NNTlarning moliyaviy faoliyati, hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu sohada korrupsiyaning oldini olishga va jamoatchilikning NNTlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
NNTlar tomonidan tadbirlarni tashkil etishda ilgari amal qilgan “kelishish” tartibi o‘rniga, “xabardor qilish” mexanizmi joriy etilishi, ular ishini yengillashtiradi.
Yana bir muhim yangiliklardan biri, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar bo‘lib, bu davlat tashkilotlarning jamoatchilik nazorati masalasida fuqarolik jamiyati institutlari oldidagi mas’uliyatini oshiradi. Jumladan, yangi kiritilgan normaga ko‘ra, endilikda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati natijalariga oid hujjatlarga tegishli tashkilotlar tomonidan javob berish, zarur chora ko‘rish majburiyati yuklandi. Bu esa jamoatchilik nazorati tadbirlarining natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Chunki oldinlari fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan o‘tkaziladigan jamoatchilik nazorati tadbirlarining ko‘pchiligiga javob berilmas, berilganda ham umumiy va mavhum shaklda javob berilib, ahamiyatsiz bo‘lib qolardi.
Yangi qonun normalari esa bu amaliyotga aniq chek qo‘ydi. Endi davlat organlari fuqarolik jamiyati institutlari bildirgan xulosalarga befarq bo‘lmasligi, ularni puxta o‘rganib, manzilli va asosli javob qaytarishi shart qilib belgilab qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiqlik va ishonchni kuchaytiradi, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizm sifatida faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yangi bosqichga olib chiqadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining erkinligi, moliyaviy shaffofligi va huquqiy kafolatlari mustahkamlanishi, jamoatchilik nazoratining samaradorligi oshishi — bevosita xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonda demokratik islohotlarning izchil davom etayotganidan, davlat va jamiyat munosabatlarida haqiqiy sheriklik asoslari yaratilayotganidan dalolat beradi.
G‘.Sapaev,
DJTQM Xorazm viloyati hududiy bo'linmasi rahbari.