Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini izchil rivojlantirish hamda ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash bugungi islohotlar jarayonida muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasining 2025-yil davomida amalga oshirgan faoliyati fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli va manzilli yondashuv asosida olib borilgani bilan ajralib turadi.
2025-yil davomida 16 ta NNT assotsiatsiya a’zoligiga qabul qilinib, a’zolar umumiy soni 180 taga yetdi. Shundan 46 tasi fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadi.
Hisobot yilida assotsiatsiyaning hududiy bo‘linmasiga murojaat qilgan a’zo NNTlarga 15 ta huquqiy yordam, 13 ta konsultativ xizmat, 10 ta loyiha shakllantirishda amaliy ko‘mak, 2 ta NNTga loyihalarni amalga oshirishda yordam hamda 41 ta boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatildi. Mazkur choralar NNTlar faoliyatini institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zNNTMAga a’zo NNTlarning Soliq va Statistika boshqarmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri topshirishini ta’minlash maqsadida “#Siz hisobotlarni topshirdingizmi” aksiyasi tashkil etildi. Ushbu tashabbus NNTlar faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratildi.
Shuningdek, NNT rahbarlarining boshqaruv salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida 2025-yil davomida hududdagi 17 nafar NNT rahbari tahsil oldi. Natijada “Trenerlar shtabi” a’zolari soni 52 taga yetdi.
Yil davomida hududda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, “Yer osti suvlaridan samarali foydalanish” loyihasi doirasida Taxiatosh tumanining Keneges OFY hududida 6 ta yer osti quduqlari qazilib, ehtiyojmand oilalar ichimlik suvi bilan ta’minlandi. “Ota-bobolar merosi” loyihasi doirasida esa 150 nafardan ortiq ishsiz fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlar hunarmandchilik yo‘nalishida kasb-hunar egalladi. Bundan tashqari, “Bizlar birgamiz” loyihasi doirasida Qo‘ng‘irot tumanidagi 8 ta xonadonda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, 2025-yil davomida hududiy bo‘linma va a’zo NNTlar tomonidan jami 78 ta tadbir tashkil etildi. Davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklik asosida 10 dan ortiq davra suhbatlari, seminar-treninglar va ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Korruptsiyaga qarshi kurashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va ijtimoiy sheriklik masalalarida NNTlar faolligi sezilarli darajada oshirildi.
Umuman olganda, hududda NNTlar bilan ishlashda ochiqlik, manzillilik va ijtimoiy sheriklikka asoslangan mexanizmlarning joriy etilishi, amaliy yordam, malaka oshirish, xalqaro hamkorlik hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar orqali qo‘llab-quvvatlash tizimi shakllandi. Mazkur yondashuv NNTlarning nafaqat ijrochi, balki hududiy rivojlanish jarayonlarida faol va teng huquqli hamkor sifatida ishtirok etishiga mustahkam zamin yaratdi.