Kuni kecha Toshkent shahri muhim siyosiy voqelikka guvoh bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuxamedov o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Uchrashuvda siyosiy muloqot, iqtisodiy aloqalar, transport-logistika, energetika, chegara xavfsizligi va gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Prezidentlar mintaqada barqarorlikni ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va hududlar o‘rtasidagi ishonchni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Turkmaniston savdo aylanmasi barqaror o‘sib bormoqda. 2024-yil natijalariga ko‘ra o‘zaro tovar aylanmasi 1 milliard dollardan oshib, ikki mamlakat iqtisodiy munosabatlarida tarixiy natija qayd etildi. Muzokaralar davomida savdo hajmini kelgusida 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq va amaliy vazifalar belgilab olindi. Bu maqsadga erishishda sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, qurilish materiallari, tekstil, logistika va chegarabo‘y savdo kabi yo‘nalishlar asosiy drayver bo‘lib xizmat qiladi.

Prezidentlar uchrashuvining eng muhim natijalaridan biri — qo‘shma “Shovot–Dashog‘uz” chegarabo‘y savdo zonasining ishga tushirilishi bo‘ldi. Mazkur loyiha ikki davlat chegarasida erkin savdo, logistik markazlar, kompleks xizmatlar va kichik biznes uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Mutaxassislar fikricha, yangi savdo zonasi qisqa fursatda tovarlar aylanmasi va xizmat ko‘rsatish sektorida sezilarli o‘sish beradi, chegara hududlarida ish o‘rinlari ko‘payishiga ham xizmat qiladi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika zanjirlarini optimallashtirish va energiya ta’minotida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlik ham so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Prezidentlar ta’lim, ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi qo‘shma dasturlarni yanada kengaytirish, yoshlar va ijodkorlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashda kelishib oldi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Prezidentlar uchrashuvi ikki davlat munosabatlarini yana mustahkamlashga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Muzokaralarda qabul qilingan qarorlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va chegarabo‘y savdo zonasini ishga tushirish, O‘zbekiston–Turkmaniston hamkorligining amaldagi, real natijalarini ko‘rsatadi. Shubha yo‘qki, ushbu uchrashuv nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki butun Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Mo‘tabarxon BABAJONOVA,

O‘zNNTMA Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassisi