Bugun O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi asosiy masala Assotsiatsiya boshqaruv organining tarkibini shakllantirish va tashkilotning intellektual salohiyatini mustahkamlashga qaratildi.

Yig‘ilishda Kengash a’zolari ilgari surilgan nomzodlarni atroflicha muhokama qilib, ovoz berish jarayonini o‘tkazdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra:
- Jo‘raboyev Ibroximjon Ilxomjon o‘g‘li — Assotsiatsiya Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga;
- Ismoilov Samandar Abdixakim o‘g‘li — Assotsiatsiya Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga bir ovozdan saylandilar.

Ta’kidlash joizki, har ikki yosh kadr "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlari bo‘lib, xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil olgan. Saylangan yangi rahbariyat zimmasiga Assotsiatsiya faoliyatini transformatsiya qilish, NNTlar manfaatlarini himoya qilishda yangi mexanizmlarni joriy etish hamda ijtimoiy sheriklikni kengaytirish kabi ustuvor vazifalar yuklatildi.

Kengash a’zolari yangi tarkibning bilim va g‘ayrati O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.