Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-iyuldagi 420-son qarori bilan tasdiqlangan “2025-yilda davlat tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish” Dasturining tegishli bandi ijrosi doirasida “Ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borishda mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar” mavzusida Jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi.
Unda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b A.Norov, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi K.Ishanxodjayev hamda asosiy faoliyati taʼlimga qaratilgan oʻndan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Mavzu yuzasidan soʻzga chiquvchilar yurtmizda ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar xususida toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, keltirilishicha, soʻnggi yillarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha qator normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilishi natijasida tizimda qator ijobiy natijalarga erishildi. 2019-yilda 130 ta taʼlim va ilmiy tashkilotlarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlari mavjud boʻlib, 2025-yilda ushbu koʻrsatkich 249 taga yetkazildi. Buning natijasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktorantura uchun ajratiladigan qabul kvotalari 2019-yilga (1093 ta) nisbatan 5 baravarga oshirilib, 2025-yilda 5300 taga yetkazildi.
Bundan tashqari, 2026-yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktoranturaga ajratilgan 5 300 ta kvotaning 60 foizi mamlakat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan zamonaviy texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va bioinnovatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, suv resurslari va atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarda mos ixtisosliklarga yoʻnaltirildi.
Shuningdek, maʼlum qilinishicha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2025-yilda 23 ta tanlov eʼlon qilinib, ular doirasida loyiha.ilmiy.uz platformasi orqali 2 446 ta loyiha talabnomasi qabul qilingan. Mazkur koʻrsatgich 2024-yilga nisbatan (14 ta tanlov, 2 668 ta loyiha talabnomasi) 57 foizga oshishiga erishilgan.
Natijada, umumiy qiymati 577,1 mlrd soʻm boʻlgan 323 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi, koʼrsatgich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (353,6 mlrd soʻmni tashkil etgan 246 ta) 61,2 foizga oshdi.
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda 7 ta xalqaro qoʼshma tanlovlar (Belorussiya, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, ShHT davlatlari, Eron va Ozarbayjon) eʼlon qilindi, koʼrsatgich oʻtgan yilga nisbatan (2 ta tanlov (Belorussiya, Xitoy) 250 foizga oshdi.
Hozirda umumiy qiymati 20,2 mlrd soʻm boʻlgan qoʻshma ilmiy loyihalar asosan texnika, kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar yoʻnalishlarida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Olima ayollar-2024” tanlovi doirasida gʻolib boʻlgan 55 nafar olimalarga umumiy qiymati 44,7 mlrd soʻm boʻlgan sertifikatlar topshirildi.
2026-yil davomida davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan amaliy tadqiqot loyihalari sonini 250 taga, fundamental loyihalar sonini 50 taga yetkazish, shu orqali jami ilmiy loyihalar sonini 350 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Jamoatchilik eshituvi davomida ishtirokchilar koʻrilgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflarini bildirish barobarida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida ilmiy tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar ilmiy salohiyatni oshirishga, yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga hamda ilmiy kadrlar tayyorlash orqali “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgani bildirildi.