Andijon viloyati Yoshlar ishlari agentligi binosida Polsha davlatining ilg‘or tajribasini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 2025-yilning 24–29-noyabr kunlari Polshaga uyushtirilgan xizmat safari davomida orttirilgan xalqaro tajriba mahalliy NNTlar va davlat tashkilotlari vakillari bilan o‘rtoqlashildi.
O‘rganilgan model va hamkorlik yo‘nalishlari:
- Barnahus Modeli (Bolalar yordam markazi): Bolalarga bir nuqtada kompleks huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tizimi;
- "Moviy karta" tizimi: Politsiya, ijtimoiy xizmat va NNTlar o‘rtasidagi tezkor hamkorlik mexanizmi;
- Ayollar huquqlari va boshpanalar: Ayollar huquqlari markazi (CPK) hamda "Onalar va bolalar uyi" faoliyati orqali jabrlanuvchilarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish;
- Ixtisoslashgan tashkilotlar: Odam savdosiga qarshi kurashuvchi "La Strada" va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi "Niebieska Linia" kabi tashkilotlarning ish uslublari.
Xalqaro tajribani o’rgangan NNT vakillari ushbu xalqaro andozalarni mahalliy sharoitga moslashtirish orqali viloyatda zo‘ravonlikka qarshi kurashishda muassasalararo hamjihatlikni kuchaytirish va jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish bo’yicha o’z xulosalarini bildirishdi.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, zo‘ravonlikka qarshi kurash — faqat bir idoraning ishi emas, balki butun jamiyat va tizimning hamjihat harakatini talab qiladigan jarayondir.
O'zNNTMA Andijon viloyati hududiy bo'linmasi.