Fuqarolik jamiyati institutlari vakili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasini mamlakatda ochiqlik, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim dasturiy hujjat sifatida baholaymiz. Unda davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan g‘oya va vazifalar ilgari surilgani alohida ahamiyatga ega.
Murojaatnomada qonun ustuvorligi, davlat organlarining ochiqligi va javobgarligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratilgani fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va faol fuqarolarning jamiyat hayotidagi ishtirokiga yaratilayotgan shart-sharoitlar demokratik islohotlarning izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ijtimoiy sohada aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, yoshlar va ayollar faolligini oshirishga qaratilgan vazifalar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi mumkinligi bilan ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur Murojaatnoma fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi imkoniyatlar ochib, ularni davlat bilan hamkorlikda jamiyat taraqqiyotiga faol hissa qo‘shishga undaydigan, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi muhim siyosiy hujjat sifatida e’tirof etiladi.
Nazifa Kamalova,
O‘zNNTMA Jizzax viloyat bo‘linmasi rahbari.