Bugungi kunda O‘zbekistonning sud-huquq tizimida jazoni ijro etish bosqichidan keyingi jarayon — shaxsni jamiyatga qayta integratsiya qilish masalasi ustuvor vazifaga aylanmoqda. Biroq, amaldagi tartib-taomillar asosan ma’muriy nazorat va cheklash choralariga tayangan bo‘lib, ozodlikka chiqqan shaxslarning ijtimoiy-psixologik ehtiyojlarini hamda ularning mehnat bozoridagi o‘rnini to‘liq ta’minlay olmayapti.
Shu bois, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, sobiq mahkumlarni kasbga yo‘naltirish va ularni psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy asoslarni kengaytirish ob’ektiv zarurat hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish” 73-moddasining beshinchi qismiga quyidagi to‘ldirishni taklif etamiz:
jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning davlat organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ijtimoiy moslashtirish va kasbiy qayta tayyorlash dasturlarida ishtirok etishi.
Taklifning ahamiyati va kutilayotgan natijalar:
- Mazkur norma shaxsni faqatgina "nazorat ostida ushlash"dan uni "qo‘llab-quvvatlash" modeliga o‘tish imkonini beradi. Shaxs jamiyatdan ajralib qolmaydi, aksincha, NNTlar ko‘magida foydali mehnatga jalb qilinadi;
- Davlat organlari (masalan, Probatsiya xizmati) va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. NNTlar o‘zlarining moslashuvchan dasturlari bilan sobiq mahkumlarga kasb o‘rgatish va ishga joylashishda ko‘maklashadi;
- Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlangan va muayyan kasbga ega bo‘lgan shaxslar orasida qayta jinoyat sodir etish darajasi keskin pasayadi;
- Bu o‘zgartirish "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan inson huquqlarini himoya qilish va insonparvarlik tamoyillariga to‘liq mos keladi.
Gulnora Yuldasheva,
“Hamroh” NNR rahbari, Andijon viloyati.