2025-yil Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) uchun rivojlanish, huquqiy qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yili bo‘ldi. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar NNTlar faolligini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlashga qaratildi.
2025-yil boshida viloyatda 468 ta NNT ro‘yxatda bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ularning soni 471 taga yetdi. O‘sish sur’ati yuqori bo‘lmaganiga qaramay, tarmoqlar kesimida barqaror faollik saqlanib qoldi. Xususan, sport yo‘nalishidagi NNTlar 68 tani, siyosiy partiyalar 60 tani, huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirishga ixtisoslashgan NNTlar 51 tani, nogironlar yo‘nalishidagi NNTlar esa 49 tani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar ijtimoiy himoya, huquqiy madaniyat va jamoatchilik faolligi viloyatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Yil davomida 5 ta yangi NNT Assotsiatsiya a’zoligiga qabul qilinib, jami a’zolar soni 196 taga yetdi.
NNTlarni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2025-yilda jami 75 ta tadbir o‘tkazildi. Jumladan, 35 ta davra suhbati, 20 ta seminar va 20 ta uchrashuv tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 1412 nafar ishtirokchi qatnashib, NNT rahbarlari va faollarining bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga erishildi.
Hududiy bo‘linma tomonidan 33 ta huquqiy tadbir tashkil etildi va 155 ta NNT murojaatiga javob berildi. Shu bilan birga, Adliya, soliq va statistika organlariga hisobotlarni o‘z vaqtida topshirishni ta’minlash maqsadida “#Siz hisobotlarni topshirdingizmi” aksiyasi o‘tkazildi. “Madad” NNT bilan hamkorlikda yil davomida 9 marotaba “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, 118 taga yaqin NNT ushbu tadbirlarda ishtirok etdi. Faol NNTlarni rag‘batlantirish maqsadida 15 ta NNT tashakkurnoma, 8 ta NNT faxriy yorliq bilan taqdirlandi, 5 ta NNT esa davlat mukofotlariga tavsiya etildi.
Assotsiatsiya Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda NNT rahbarlari uchun malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘ydi. 2025-yilda Sirdaryo viloyatidan 14 nafar rahbar o‘z malakasini oshirdi. 2021–2025 yillar davomida malaka oshirgan rahbarlar soni 42 nafarga yetdi. Ushbu rahbarlar tomonidan “Trenerlar shtabi” doirasida joylarda 42 ta o‘quv tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tizim mahalliy darajada o‘zini o‘zi o‘qitish va bilim tarqatish mexanizmini shakllantirib, tajriba almashuvini kuchaytirdi hamda samaradorlikni oshirdi.
Yil davomida Assotsiatsiya faoliyati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Xususan, 384 ta chiqish, 10 ta maqola hamda 14 ta viloyat tele va radiokanallarida materiallar tayyorlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi tanlovlarida 17 ta NNT g‘olib bo‘ldi.
2025-yilda Assotsiatsiyaning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Buyuk Britaniya va Latviya elchixonalari bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 2 ta xalqaro grant loyihasi amalga oshirildi.
Buyuk Britaniya elchixonasi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha Guliston shahrida yashovchi VICh+ ayollarning ishga joylashuvi va ish joylarida kamsitish holatlarini kamaytirishga qaratildi. Loyiha doirasida ish beruvchilarning xabardorligini oshirish, konfidentsiallikka rioya etish hamda ushbu holat ish qobiliyatiga to‘sqinlik qilmasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, “Hunar va hayot” NNT bilan hamkorlikda Latviya elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Erkaklar hurmatni tanlaydi! / Мужчины выбирают уважение!” loyihasi viloyatning chegara hududlarida gender zo‘ravonligining oldini olishga yo‘naltirildi. Loyiha doirasida erkaklar va yoshlar bilan profilaktik ishlar olib borilib, zo‘ravonlikni oqlovchi stereotiplarni bartaraf etish hamda hurmat va tenglikka asoslangan xulq-atvor modellarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yil davomida mahalliy davlat idoralari bilan hamkorlik memorandumlari asosida tizimli ish olib borildi. Adliya vazirligining hududiy organlari, soliq va statistika tuzilmalari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilishi natijasida hisobot topshirishdagi texnik xatolar sezilarli darajada kamaydi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam axborot berilishi Assotsiatsiya faoliyatining ochiqligini ta’minlab, NNTlarga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini oshirdi.
Umuman olganda, 2025-yil yakunlari Sirdaryo viloyatida NNTlar faoliyati tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlanayotganini, huquqiy va tashkiliy jihatdan bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Erishilgan natijalar fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda Assotsiatsiyaning o‘rni va ahamiyati yuqori ekanini tasdiqlaydi.
O'zNNTMA Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi