O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi uchun 2025-yil natijalarga boy va samarali davr bo‘ldi. Viloyatda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tizimli ishlar natijasida tashkilotning nufuzi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2024-yilda a’zolar soni 87 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil davomida yana 18 ta yangi tashkilot saflarga qo‘shilib, jami a’zolar soni 105 nafarga yetkazildi.

Yil davomida tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, nodavlat tashkilotlarning davlat organlari bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan jami 69 ta tadbir tashkil etildi. Mazkur muloqot maydonlarida 1725 nafar ishtirokchining faol qatnashishi ta’minlandi.

NNTlarning huquqiy muammolarini hal etish maqsadida “Madad” NNT bilan hamkorlikda 10 marotaba “Ochiq eshiklar kuni” aksiyalari o‘tkazilib, 72 ta holatda huquqiy maslahat, 83 ta konsultativ hamda 67 ta tashkiliy-texnik yordamlar ko‘rsatildi, 26 ta yangi loyihani shakllantirishda bevosita ko‘maklashildi.

Kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda viloyatdagi NNT rahbarlarining 16 nafari maxsus malaka oshirish kurslarida o‘qitildi. Natijada 2021-2025-yillar oralig‘ida o‘qitilgan rahbarlar soni 43 nafarga yetdi va ular Assotsiatsiya qoshidagi “Trenerlar shtabi”ga a’zo bo‘lib, o‘z bilimlari asosida joylarda 21 ta o‘quv tadbirini o‘tkazdilar.

2025-yil ijtimoiy tashabbuslarni rag‘batlantirish borasida ham muvaffaqiyatli keldi. Viloyatdagi 4 nafar faol NNT vakili tashakkurnoma bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2 nafari davlat mukofotlariga tavsiya etildi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida esa jami 24 ta tashkilot turli grantlar g‘olibi bo‘ldi, shundan 3 tasi xalqaro, 8 tasi respublika va 13 tasi viloyat miqyosidagi grantlardir. Amalga oshirilgan barcha ishlar jamoatchilikka keng yoritilib, yil davomida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 298 ta chiqish qilindi.


O‘zNNTMA Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi