Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning Toshkentdagi vakolatxonasida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) raisi Kamoliddin Ishanxodjayev hamda TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Esin Adjar Ergin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Assotsiatsiya faoliyati, fuqarolik jamiyati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik masalalari muhokama qilindi. K.Ishanxodjaev Assotsiatsiyaning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarida Turkiya bilan hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.
O‘zNNTMA tomonidan Turkiyaning turdosh tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bo‘yicha turk tajribasini o‘rganish, ekologiya, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va aholini ish bilan ta’minlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarda hamkorlik taklif etildi.
O‘z navbatida, Esin Adjar Ergin takliflarni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlikni amaliy qadamlar orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. U shuningdek, viloyatlardagi yirik NNTlar va O‘zNNTMAning hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Konstruktiv va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida ekologiya, sog‘liq va suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqib, TIKAga taqdim etish hamda joriy yil dekabr oyida o‘tkaziladigan Fuqarolik jamiyati haftaligi tadbirlariga turk hamkor tashkilotlari vakillarini taklif qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.