2025-yil 8-iyul kuni Urganch shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud infratuzilma holatini baholash maqsadida navbatdagi jamoatchilik nazorati tadbiri o‘tkazildi. 

Ushbu jamoatchilik nazorati O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Xorazm viloyat bo‘limi,  viloyat transport boshqarmasi hamda O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi hamkorligida amalga oshirildi.

Monitoring davomida shahardagi jamoat transporti vositalari, bekatlar va boshqa jamoat joylarida nogironligi bor fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar chuqur o‘rganildi. 

Urganch shahrida mavjud 230 dan ortiq bekat infratuzilmasi tahlil qilinar ekan, ayrim obyektlarda to‘siqsiz harakatlanishni ta'minlovchi panduslar, yoritish tizimi, chiqindi idishlari va o‘rindiqlar kabi zarur infratuzilma elementlari yetarli darajada emasligi aniqlandi.

Tadbir yakunida mutasaddi tashkilotlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud infratuzilmani texnik jihatdan takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Shu bilan birga, aniqlangan masalalarni Xalq deputatlari Urganch shahar mahalliy Kengash sessiyasida muhokama qilish va ularni rasmiy tarzda ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelgusida bu kabi nazorat tadbirlarini viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham tizimli ravishda tashkil etish rejalashtirilgan.