Avval xabar qilganimizdek, ayni kunlarda Belgiyada xizmat safarida bo'lib turgan Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati institutlari vakillari Yevrokomissiya xalqaro hamkorlik boʻlimining Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosati boʻyicha masʼul xodimlari bilan uchrashdi.
Ushbu uchrashuvda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida qatnashayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari oʻzlarining faoliyat yoʻnalishi, Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar, NNTlarga yaratilgan sharoitlar boʻyicha gapirib berdi. Xususan, ijtimoiy buyurtma asosida olib borilayotgan faoliyatlari, mamlakatda eng muhim ustuvor yoʻnalishlardagi islohotlarni, jamoatchilik nazorati hamda davlat idoralarida ochiqlik siyosatini amalga oshirishda NNTlarning ishtiroki haqida aytib oʻtildi. Shu bilan birga, oʻzlari amalga oshirayotgan loyihalar toʻgʻrisida ham toʻxtalib, istiqbolda hamkorlikda ishlash yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Yevrokomissiya masʼul vakili – Silvia Piyetropaolo Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha YEI rahbariyati orasida siyosiy iroda mavjudligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatdagi islohotlarni eʼtirof etish bilan birga YEIning mintaqaga boʻlgan munosabati oʻzgarayotgani, xususan, oʻrta koridor (Transkaspiy koridori) boʻyicha YEIning “Global darvoza” (Global Gateway) dasturi doirasida transport masalalariga, qolaversa, qazilma boyliklarni qayta ishlash, ekologiya yoʻnalishlarida hamkorlikka alohida eʼtibor berilishi maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, Samarqandda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunida eʼlon qilingan 12 mlrd yevrolik investitsiya paketidagi loyihalarni amalga oshirishda nafaqat davlat idora va tashkilotlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari bilan ham yaqindan hamkorlik qilish koʻzlangan maqsadlarga erishishda yanada samarali boʻlishi qayd etildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi