Toshkent viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning davlat organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan 2025-yil davomida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan jami 92 ta tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirlar doirasida 68 ta davra suhbati, 14 ta seminar va 10 ta uchrashuv o‘tkazilib, ularda 3247 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Olib borilgan samarali faoliyat natijasida yil davomida hududiy bo‘linmaga 23 ta yangi NNT a’zolikka qabul qilinib, a’zolar soni 179 taga yetkazildi. Shundan 16 tasi o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan NNTlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, NNTlarning huquqiy muammolarini bartaraf etish maqsadida “Madad” NNT bilan hamkorlikda 11 marotaba “Ochiq eshiklar kuni” aksiyasi o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 203 nafar NNT ishtirok etdi. Shuningdek, NNTlar faoliyatini huquqiy qo‘llab-quvvatlash doirasida 17 ta tadbir tashkil etilib, 113 ta NNT murojaatiga huquqiy maslahatlar berildi. Bundan tashqari, 131 ta konsultativ, 118 ta tashkiliy-texnik, 121 ta loyihalarni shakllantirishda hamda 64 ta loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘maklar ko‘rsatildi.

Aytish mumkinki, 2025-yil fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yili bo‘ldi. Xususan, hududda faoliyat yuritayotgan 30 nafar NNTga tashakkurnoma topshirildi, 52 nafari bo‘yicha davlat mukofotlariga tavsiya berildi. Assotsiatsiya Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda NNT rahbarlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida Toshkent viloyatidan 31 nafar rahbar tahsil oldi. Natijada, 2021–2025-yillar davomida malaka oshirgan NNT rahbarlarining umumiy soni 76 nafarga yetdi.

Malaka oshirgan rahbarlar Assotsiatsiya huzuridagi “Trenerlar shtabi” a’zosi sifatida hududlarda NNTlar uchun doimiy o‘quvlar tashkil etib kelmoqda. Hisobot davrida “Trenerlar shtabi” a’zolari tomonidan 13 ta tadbir o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi tanlovlarida 5 ta, viloyat jamoat fondi tanlovlarida esa 2 ta NNT g‘olib bo‘ldi.

Yil davomida hududiy bo‘linma tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda NNTlar faoliyatiga oid jami 349 ta chiqish amalga oshirildi.

Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda Toshkent viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faolligi sezilarli darajada oshdi, ularning faoliyati muvofiqlashtirildi hamda ular oldida turgan muammolarni bartaraf etish orqali tizimli qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zNNTMA Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi.