O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi — fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va NNTlar salohiyatini oshirishga bag'ishlangan tashkilot.
O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O'zNNTMA) 2005-yil 10-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 612-son tartib raqami bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan.
Assotsiatsiya O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq davlat ro'yxatidan o'tgan nodavlat notijorat tashkilotlarining ixtiyoriy birlashmasi bo'lib, nodavlat notijorat tashkilotlari uyushmasi tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan.
Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi — mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini birlashtirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish, hamda NNTlar faoliyatining samaradorligi va sifatini oshirishga ko'maklashishdan iborat.
Assotsiatsiya o'z a'zolari va fuqarolik jamiyati manfaatlarini ko'zlab quyidagi yo'nalishlarda faoliyat yuritadi.
NNTlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlarida, sudlarda, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda ifoda etish hamda himoya qilish.
NNTlar, tadbirkorlik sub'ektlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar hamda davlat organlari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etish.
NNT tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar yaratishga ko'maklashish.
Mamlakatda demokratik jarayonlarni barqaror rivojlantirish va ilgari surishda a'zolar hamda hamkorlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish.
NNTlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish va sohani tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
NNT rahbarlari va xodimlarining tashkilotni samarali boshqarish, moliyaviy barqarorlikka erishish, ijtimoiy muhim loyihalarni ishlab chiqish, volontyorlik va xayriya resurslarini jalb qilish yo'nalishlarida bilim va ko'nikmalarini oshirish.
NNT vakillari uchun qo'llanmalar, o'quv dasturlari va kitoblar hamda mamlakat sharoitiga mos nazariy va amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish.
Davlat ijtimoiy buyurtmalari va ijtimoiy sheriklik loyihalarining yagona bazasini yuritish; mamlakatni modernizatsiya qilishda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy salohiyatni yuksaltirish.
Ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo'lgan va hayotda og'ir vaziyatga tushgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlashda a'zolarning intellektual, moddiy va moliyaviy resurslarini safarbar qilish.
Xalqaro va chet el NNTlari, moliya institutlari va xorijiy donorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ularning ijobiy tajribalarini o'rganish.